Steganografiya
Yunoncha steganos — «yashirin» va grapho — «yozaman». Kriptografiyada xabar ko'rinadi, lekin tushunarsiz; steganografiyada esa xabar borligining o'zi sir. Odatda ikkalasi birga qo'llanadi va bir-birini to'ldiradi.
Limon sharbati bilan oq qog'ozga yozing — quriganda hech narsa ko'rinmaydi. Qog'ozni dazmol yoki lampa ustida qizdiring — yozuv jigarrang bo'lib paydo bo'ladi. Ota-onangiz qog'ozni ko'rsa, «bo'sh varaq» deb o'ylaydi. Bu — steganografiya.
Yo'nalishlar
Klassik steganografiya
- Qadimgi dunyo: Gerodotning yozishicha, qulning sochi olinib, boshiga xabar yozilgan; soch o'sgach, u manzilga jo'natilgan. Manzilda sochi qayta olinib, xabar o'qilgan.
- Ko'rinmas siyoh: sut, limon sharbati — qizdirish, yoritish yoki kimyoviy modda qo'shilganda paydo bo'ladi. Bu usul I asrdan ma'lum va o'rta asrlarda ham ishlatilgan.
- Mikronuqtalar: Ikkinchi jahon urushida butun sahifa nuqta o'lchamigacha kichraytirilib, xatdagi oddiy nuqta o'rniga yopishtirilgan.
- Xaritaning orqa tomoniga yozish, qaynatilgan tuxum ichiga yozish va h.k.
Kompyuter steganografiyasi
- Zahiralangan format maydonlari — fayl formatlaridagi nollar bilan to'ldirilgan maydonlarga ma'lumot yozish (hajmi kichik).
- Diskning ishlatilmagan qismiga yozish.
- Klaster qoldig'i: FAT32 da klaster 4 KB; 1 KB fayl saqlansa, qolgan 3 KB bo'sh qoladi va unga axborot yashirish mumkin (kamchiligi — ochish oson).
- Linux uchun StegFS kabi steganografik fayl tizimlari.
Raqamli steganografiya
Multimedia obyektlariga (rasm, video, audio, 3D teksturalar) axborot yashirish. Eng muhim amaliy yo'nalishlari — raqamli suv belgilari (watermarking) va DRM (mualliflik huquqini himoya qilish). Eng mashhur usul — LSB (eng kichik ahamiyatli bitni almashtirish).
Laboratoriya 1: ko'rinmas belgilar
Unicode'da ekranda ko'rinmaydigan «nol kenglikdagi» belgilar bor. Yashirin xabarning har bir biti shunday belgiga aylantirilib, oddiy matn ichiga qo'yiladi. Natijani messenjerga yuborsangiz ham, xabar saqlanib qoladi.
Laboratoriya 2: rasm ichida xabar (LSB)
Har bir piksel rangi 3 ta sondan (R, G, B) iborat, har biri 0–255. Sonning eng oxirgi bitini o'zgartirish rangni atigi 1 birlikka o'zgartiradi — inson ko'zi buni mutlaqo sezmaydi. 1000×1000 rasmga ~375 KB matn yashirish mumkin!
Rasm JPG formatida siqilsa yoki ijtimoiy tarmoq uni qayta ishlasa, LSB bitlari buziladi. Bundan tashqari, statistik tahlil (steganaliz) LSB o'zgarishlarini aniqlay oladi. Shuning uchun xabarni yashirishdan oldin uni shifrlash tavsiya etiladi.